Maʼnaviyat va hamjihatlikka yoʻgʻrilgan sayohat

📅 05.05.2026
Maʼnaviyat va hamjihatlikka yoʻgʻrilgan sayohat

Oʻzbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan joriy yilning 2–3-may kunlari Qozogʻiston Respublikasining tarixiy va ziyoratbop hududlaridan biri — Turkiston viloyatiga madaniy-maʼrifiy sayohat tashkil etildi.
Ushbu sayohatda Respublika Kengashining ijtimoiy sheriklari boʻlgan 13 ta vazirlik va idoralar hamda ularning tizim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan 50 nafar kasaba uyushmasi aʼzolarining ishtirok etgani oʻzaro hamjihatlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qildi.

Jumladan agrar soha tarmoqlari vakillarining bir joyga jam boʻlishi nafaqat sayohat davomida ishtirokchilar oʻrtasida doʻstona muhitni qaror toptirish, birdamlik va hamjixatlikni kuchaytirib, oʻzaro tajriba almashinib olishga imkon boʻldi.
Sayohat jarayonida ishtirokchilar avvalo Arslonbobo ziyoratgohiga tashrif buyurib, u yerdagi tabarruk muhitni his etdilar. Arslonbobo — islom maʼnaviyatida yuksak oʻrin tutadigan, xalq orasida hurmat-ehtirom qozongan avliyolardan biri boʻlib, u kishining hayoti va faoliyati yosh avlodni ezgulikka, poklikka va iymon-eʼtiqodga chorlaydi. Rivoyatlarga koʻra, u hazrati Ahmad Yassaviyning maʼnaviy ustozlaridan boʻlgan.
Shuningdek, sayohat davomida Turkiston shahrida joylashgan buyuk mutafakkir, tasavvuf ilmining zabardast namoyandasi hazrati Ahmad Yassaviy maqbarasi ziyorat qilindi. Bu muqaddas maskan asrlar davomida turkiy xalqlar uchun maʼnaviyat beshigi boʻlib xizmat qilib kelmoqda. Ahmad Yassaviyning taʼlimoti insonni maʼrifat, sabr, poklik va halollikka daʼvat etadi. Uning maʼnaviy merosi bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan.
Sayoxatchilarni boʻsh vaqtlaridan unumli foydalanish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish maqsadida maqsadida ular oʻrtasida “Kamondan oʻq otish sport musobaqasi”, bayram dasturxonlari va madaniy-maʼrifiy tadbirlar uyushtirildi. Qizgʻin va samimiy ruhda oʻtgan ushbu bellashuvlar, va musiqiy tadbirlar ishtirokchilarga hush kayfiyat bagʻishladi.
Mazkur sayohat ishtirokchilar qalbida chuqur taassurotlar qoldirib, ularning maʼnaviy olamini boyitish, milliy va diniy qadriyatlarga boʻlgan hurmatni yanada kuchaytirishga xizmat qilib, oʻtkazilgan musobaqalar ularga jismoniy faollik, koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi. Shu bilan birga, bunday tadbirlar kelgusidagi samarali hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratadi.

← Yangiliklarga qaytish