O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga oilaviy ma’naviy-ma’rifiy sayohat tashkil etildi
O‘zbekiston Agrosanoat majmuasi xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan xodimlar va ularning oila a’zolari uchun O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga ma’naviy-ma’rifiy va oilaviy sayohat tashkil etildi.
Mazkur sayohatdan ko‘zlangan asosiy maqsad xodimlar va ularning farzandlarining tarixiy merosimiz, milliy qadriyatlarimiz hamda mamlakatimizning boy madaniyati bilan yaqindan tanishishlari, ularning ma’naviy dunyoqarashini yanada boyitish hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishdan iborat bo‘ldi.
Ekskursiya davomida ishtirokchilar muzeyning boy ekspozitsiyalari bilan tanishib, O‘zbekistonning qadimiy va zamonaviy tarixi, buyuk ajdodlarimizning ilm-fan, madaniyat va davlatchilik rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Muzey mutaxassislari tomonidan tarixiy eksponatlar, noyob topilmalar va yurtimiz taraqqiyot bosqichlari yuzasidan qiziqarli ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, tadbir davomida bolalar uchun qiziqarli va mazmunli madaniy hordiq tashkil etildi. Ishtirokchilar uchun qulay sharoitlar yaratilib, ovqatlanish ham yo‘lga qo‘yildi. Bu esa sayohat ishtirokchilarining mazmunli dam olishlari va unutilmas taassurotlarga ega bo‘lishlariga xizmat qildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar O‘zbekiston tarixi, milliy qadriyatlarimiz va boy madaniy merosimiz haqidagi bilimlarini yanada mustahkamlab, ko‘tarinki kayfiyat va iliq taassurotlar bilan qaytdilar. Bunday ma’naviy-ma’rifiy va oilaviy tadbirlar xodimlar hamda ularning oila a’zolarining madaniy hordiq chiqarishini ta’minlash, jamoada o‘zaro hamjihatlik va birdamlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat hamda tarixiy merosimizga hurmat tuyg‘usini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Galereya