SIRDARYODA “MILLAT SHAVKATI” KITOBI TAQDIMOTI O‘TKAZILDI: 12 MAQOLADA AKS ETGAN 10 YILLIK TARAQQIYOT

📅 26.08.2026
SIRDARYODA “MILLAT SHAVKATI” KITOBI TAQDIMOTI O‘TKAZILDI: 12 MAQOLADA AKS ETGAN 10 YILLIK TARAQQIYOT

Shiddat bilan o‘zgarayotgan, murakkab geosiyosiy va iqtisodiy jarayonlar kechayotgan bugungi davrda mamlakat rahbarining faoliyatini xolisona kuzatish, amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mazmun-mohiyatini anglash hamda taraqqiyot manzarasini hujjatli va hayotiy asoslarda tahlil qilish alohida ahamiyat kasb etmoqda.

​Shu kunlarda Sirdaryo viloyatida agrar va suv xo‘jaligi mutaxassislari, kasaba uyushmasi faollari hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida taniqli siyosatshunos, senator Qudratilla Rafiqovning “Millat shavkati” nomli yangi kitobi taqdimotiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi. Ushbu asar nafaqat Prezident Shavkat Mirziyoyevning rahbarlik mahorati va yuksak insoniy fazilatlarini, balki yurtimiz hayotida kechayotgan misli ko‘rilmagan o‘zgarishlarning teran mantig‘ini ochib bergani bilan yig‘ilganlar, ziyolilar hamda keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish va e’tirof bilan kutib olindi.

​Keyingi o‘n yillikda O‘zbekistonda izchillik va qat’iyat bilan olib borilayotgan kuchli ijtimoiy siyosat natijasida aholi farovonligi sezilarli darajada oshdi, insonlarning turmush sifati va dunyoqarashi tubdan yangilandi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan hayotbaxsh g‘oya bugun oddiy shior emas, balki har bir mahalla, har bir xonadon hayotida o‘z amaliy ifodasini topayotgan real haqiqatga aylandi. Ilgari yillab to‘planib qolgan, tizimli yechim kutayotgan muammolarni oshkora e’tirof etish, ularni bartaraf etish uchun xalq ichiga chuqur kirib borish va manzilli ishlash davlat siyosatining bosh mezoniga aylandi.

​So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarning eng katta muvaffaqiyati — bu inson qadrining amalda yuksaltirilgani va odamlarda ertangi kunga bo‘lgan mustahkam ishonchning qayta tiklanganidir. Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha joriy etilgan yangi tizim, “mahallabay” va “insonbay” ishlash tajribasi eng chekka va olis hududlardagi oilalar xonadoniga ham nur, fayz va farovonlik olib kirdi. Olis qishloqlarda barpo etilayotgan zamonaviy maktablar va bog‘chalar, tibbiyot maskanlari, ravon yo‘llar, ichimlik suvi va elektr ta’minotining yaxshilanishi — bularning bari shunchaki raqamlar emas, balki ming-minglab insonlarning bugungi rozilik kayfiyatida namoyon bo‘layotgan hayotiy natijalardir.

​Iqtisodiyot va ijtimoiy soha nuqtayi nazaridan qaraganda, keyingi davrda suv va qishloq xo‘jaligi, sanoat, infratuzilma hamda shaharsozlikda amalga oshirilgan tub burilishlar mamlakatimizning strategik mustaqilligi va suverenitetini yangi bosqichga olib chiqdi. Agrar tarmoqni modernizatsiya qilish, resurs tejamkor zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, mehnat ahlining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasidagi dadil qadamlar yangi O‘zbekistonning mustahkam poydevorini barpo etmoqda. Shu bilan birga, ta’lim va sport sohasidagi tarixiy yutuqlarimiz, yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar hamda yurtimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborining keskin oshishi O‘zbekistonni jahon sahnasida yangi kuch va taraqqiyot markazi sifatida namoyon etdi.

​Bugungi shiddatli bunyodkorlik va ulkan o‘zgarishlar zamirida, hech shubhasiz, kechani kecha, kunduzni kunduz demay, el-yurt tinchligi va xalqimiz farovonligi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan Prezidentimizning yuksak siyosiy irodasi, rahbarlik mahorati va cheksiz Vatan muhabbati mujassamdir. Qudratilla Rafiqovning “Millat shavkati” asarida ham ana shu hayotiy haqiqatlar, davlat rahbarining xalqchil siyosati hamda yurtimizning yangi darajadagi qiyofasi aniq manbalar asosida yoritilgan.

​ Sirdaryo viloyatida tashkil etilgan mazkur tantanali taqdimotda O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari Boyniyazov Erkin Bazarovich, shuningdek, viloyat kasaba uyushmalari mutasaddilari va soha faollari ishtirok etdilar. Tadbir davomida manfaatli va atroflicha muhokamalar kechib, kitobdan o‘rin olgan 12 ta maqolaning har biri alohida, chuqur tahlillar hamda hayotiy misollar asosida keng yoritib berildi.

Ushbu ma’rifiy taqdimotning Vatanimiz Mustaqilligining 35-yilligi shodiyonalari arafasida hamda Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Yagona millat, yagona xalq bo‘lib yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu da’vat va shior ostida o‘tkazilayotgan umumxalq bayram tadbirlariga ulanib ketgani davraga alohida shukuh bag‘ishladi. Tantanali marosimda ta’kidlanganidek, mazkur ma’naviy durdona har bir yurtdoshimizning, soha xodimlarining va kutubxonalarning to‘ridan munosib o‘rin olib, ertangi kunga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

← Yangiliklarga qaytish