Respublika kengashida navbatdagi “Rayosat soati” o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-yanvardagi PF–5618-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Agrosanoat majmuasi xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashida navbatdagi “Rayosat soati” tashkil etildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyuldagi “Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–122-son Farmonining mazmun-mohiyati xodimlarga batafsil tushuntirildi.
Qayd etilganidek, mazkur Farmon baliqchilik tarmog‘ida yagona davlat boshqaruvi tizimini joriy etish, baliq mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, suv obyektlaridan samarali foydalanish, sohaga zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini tatbiq etish hamda baliqchilik subyektlarini davlat tomonidan tizimli qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Shuningdek, Farmonga muvofiq Baliqchilikni rivojlantirish markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, suv obyektlarini ochiq elektron auksion orqali ijaraga berish, naslli ona baliqlar importini subsidiyalash hamda baliqchilik va akvakultura yo‘nalishida malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha belgilangan vazifalar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
“Rayosat soati” yakunida ishtirokchilarga Farmonning amaliy ahamiyati, unda belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash hamda mazkur yo‘nalishdagi islohotlarning mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Gallery