HAR BIR XODIM MANFAATI — TAROZIDA

📅 04.08.2026
HAR BIR XODIM MANFAATI — TAROZIDA

HAR BIR XODIM MANFAATI — TAROZIDA
Tajriba, tahlil va amaliy yordam

O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining 2026-yil 30-iyuldagi Rayosat soatida berilgan topshiriqqa muvofiq, kengashning Mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘limi mutaxassislari bir qator tashkilotlarda o‘rganish ishlarini olib bordi. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad — jamoa shartnomasi tadbirlarini bajarish uchun har bir xodimga sarflangan mablag‘, ya’ni “1-JSH” ko‘rsatkichi qanday hisoblanayotgani va rasmiylashtirilayotganini tahlil qilish, ilg‘or tajribalarni aniqlab boshqa tashkilotlarga tatbiq etish hamda joylarda amaliy yordam ko‘rsatishdan iborat bo‘ldi.

1-JSH ko‘rsatkichi — jamoa shartnomasi doirasida, qonunda belgilangan majburiy minimumdan ortiqcha tarzda har bir xodimga yo‘naltirilgan mablag‘ni ifodalaydi. U tashkilotning o‘z xodimiga qanchalik g‘amxo‘rlik qilayotganini aniq raqamda ko‘rsatadi. Turli hajmdagi tashkilotlarni yagona o‘lchovda taqqoslash uchun bu mablag‘ bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ga nisbatan koeffitsiyent ko‘rinishida ifodalanadi.

O‘rganish davomida uch tashkilot faoliyati batafsil tahlil qilindi.

**Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasida** (rais M. Mirxayotov) 57 nafar xodim faoliyat yuritadi. Bu yerda har bir xodimga sarflangan mablag‘ 6 million 658 ming so‘mni, ya’ni BHMning 16,16 barobarini tashkil etdi. Tashkilotda xarajatlar 73 ta tur bo‘yicha to‘g‘ri tasniflangan, ortiqcha yoki begona xarajat moddalari aniqlanmadi. Ayrim rasmiylashtirish masalalari — hisob-kitobni profkom qarori bilan tasdiqlash va jamoa shartnomasiga ilova qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

**Chirchiq-Ohangaron ITXB huzuridagi Meliorativ ekspeditsiyasida** (rais Z. Yusupov) ko‘rsatkich eng yuqori bo‘ldi: 122 nafar xodimga o‘rtacha 15 million 462 ming so‘mdan mablag‘ sarflangan. Ayniqsa, ko‘rsatkichda barqaror o‘sish kuzatildi — 2024-yilga nisbatan deyarli 1,66 barobar ko‘paygan. Bu tashkilotning xodimlariga yo‘naltirilayotgan g‘amxo‘rligi yildan-yilga ortib borayotganidan dalolat beradi.

Parkent tumani Suv yetkazib berish davlat muassasasida** (rais U. Qurbonaliyev) namunali tajriba qayd etildi: tashkilot tuman kengashi bilan hududiy tarmoq kelishuvi tuzgan, buning uchun maxsus komissiya tashkil etilib, kelishuv Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikning tuman bo‘limi ekspertizasidan o‘tkazilgan. Ushbu tajriba boshqa tashkilotlarga ijobiy namuna sifatida tavsiya etildi.

O‘rganish davomida mutaxassislar har bir tashkilotda faqat tahlil bilan cheklanmay, joyida amaliy yordam ham ko‘rsatdi. 1-JSH hisob-kitobining to‘g‘ri usuli namunalar asosida tushuntirildi, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha yozma tavsiyalar qoldirildi.

Xulosa qilib aytganda, bunday o‘rganishlar jamoa shartnomasi ijrosini kuchaytirish, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish va xodimlar manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi. Ilg‘or tajribalar umumlashtirilib, boshqa tashkilotlarga yetkaziladi, berilgan tavsiyalar ijrosi esa nazoratda bo‘ladi.

Sh. Begimqulova,
Respublika kengashi Mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘limi boshlig‘i

← Back to news