Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tizimida raqamlashtirish, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik
Bugungi kunda mamlakatimizda davlat boshqaruvi va jamoat tashkilotlari faoliyatini raqamli transformatsiya qilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil
22-oktyabrdagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-189-son va 2026-yil 10-martdagi “O‘zbekiston Respublikasining Kiberxavfsizlik strategiyasini belgilash va kiberjinoyatchilikning oldini olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi
PF-38-son Farmonlarida hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining joriy yilning 27-iyuldagi 2-03-son qarorida zamonaviy raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish va axborot xavfsizligini ta’minlash borasida muhim vazifalar belgilab berilgan.
Mazkur vazifalardan kelib chiqqan holda O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashida faoliyat yo‘nalishlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda kiberxavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Respublika Kengashi Ijroiya qo‘mitasining 2026-yil
7-avgustdagi qarori bilan Respublika Kengashi va uning hududiy tashkilotlari faoliyatini raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish va kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Ushbu chora-tadbirlar rejasi asosida Respublika Kengashi va uning hududiy tashkilotlarida axborot texnologiyalarini keng joriy etish, axborot tizimlaridan samarali foydalanish, shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarini faoliyatning tegishli yo‘nalishlariga bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Shu bilan birga, raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yo‘nalishidagi ishlarni hududlarda samarali tashkil etish maqsadida Respublika Kengashining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi shaharlar hamda Sharof Rashidov va Karmana tumanlari kengashlarida Raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha mutaxassis lavozimlari joriy etildi.
Joriy etilgan yangi lavozimlarga tayinlangan xodimlarning zamonaviy axborot texnologiyalari, raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohalaridagi bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida joriy yilning 12–14-avgust kunlari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Malaka oshirish institutida qisqa muddatli o‘quv-seminari tashkil etildi.
O‘quv-seminarida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisining maslahatchisi J.Abbosov, Federatsiya markaziy apparatining Axborot-texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish bo‘limi mudiri Z.Nabiyev o‘zlarining ma’ruzalari bilan ishtirok etib, raqamli texnologiyalarni joriy etishning ustuvor yo‘nalishlari, axborot tizimlaridan samarali foydalanish, ish jarayonlarini avtomatlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, kiberxavfsizlik talablariga rioya etish hamda “kasaba KIAT” dasturining maqsad va vazifalari bo‘yicha mutaxassislarga batafsil ma’lumotlar berib o‘tdilar.
Галерея