“Millat shavkati” — ma’naviyat va milliy g‘urur manbai
Bugun 2026-yil 26-avgust kuni “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi”davlat muassasasida xodimlar uchun ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda Mustaqilligimizning 35-yilligiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Unda O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining Mehnatkashlarni ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘limi mutaxassisi N. Xasanova tomonidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqovning “Millat shavkati” nomli kitobi keng targ‘ib qilindi.
Davra suhbatida kitobning mazmun-mohiyati, unda xalqimizning boy tarixi, milliy o‘zlik, ajdodlarimiz qoldirgan ma’naviy meros, Vatanga sadoqat, inson qadri va yurt taraqqiyoti kabi muhim g‘oyalar o‘z ifodasini topgani haqida fikrlar bildirildi.
“Millat shavkati” asari insonni o‘z tarixini bilishga, ajdodlar merosini qadrlashga, bugungi tinch va farovon hayotning qadriga yetishga, Vatan oldidagi mas’uliyatini chuqur anglashga undaydi. Asarda ilgari surilgan g‘oyalar har bir insonda milliy g‘urur, vatanparvarlik, ma’naviy daxldorlik va yurt kelajagiga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Suhbat davomida ishtirokchilar kitobdagi ibratli fikrlar yuzasidan o‘z mulohazalarini bildirib, asarni mutolaa qilish va uni keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib etish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.
Shuningdek, bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni mehnat jamoalarida muntazam tashkil etish xodimlarning nafaqat kasbiy bilim va ko‘nikmalarini, balki ularning ma’naviy dunyoqarashi, kitobxonlik madaniyati va milliy qadriyatlarga bo‘lgan hurmatini yuksaltirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilarga “Millat shavkati” kitobini mutolaa qilish, undagi tarixiy va ma’naviy saboqlardan xulosa chiqarish hamda kitobxonlik muhitini yanada kengaytirish tavsiya etildi.
Kitob — insonni o‘tmish bilan bog‘laydi, bugunni anglatadi va kelajak sari yo‘l ko‘rsatadi. “Millat shavkati” esa milliy g‘urur va ma’naviy uyg‘onishga chorlovchi muhim asar sifatida har bir kitobxon qalbida munosib o‘rin egallaydi.
Галерея