O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan Xonqa tumani hokimligida tizimdagi fermer xo‘jaliklari hududiy boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari raislari ishtirokida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarni Xonqa tumani hokimi Ulug‘bek Davlatov ochib berib, mehnatkashlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi sohasida munosib mehnat sharoitlarini yaratishda kasaba uyushmalarining o‘rni muhim ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Xorazm viloyati kengashi raisi Gulsara Qurbonboyeva seminar ishiga muvaffaqiyat tiladi hamda Federatsiya tomonidan mehnatkashlar manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi.
Shuningdek, Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi o‘rinbosari Husan Begmatov “Yangi O‘zbekiston — yangi kasaba uyushmalari” mavzusida taqdimot qilib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarda kasaba uyushmalarining o‘rni, sohada erishilgan natijalar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Seminar davomida Respublika kengashi bo‘lim mudiri Turg‘unboy Sanayev ilg‘or fermer xo‘jaliklari hududiy boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari o‘rtasida o‘tkaziladigan tanlov shartlari yuzasidan tushuntirishlar berdi. Xorazm viloyati Fermerlar kengashi raisi o‘rinbosari Ro‘zimboy Qurbonov esa mehnat munosabatlarini qonuniylashtirish borasida kasaba uyushmalari bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar haqida fikr bildirdi.
Seminar ishtirokchilari “Tomadurgadik” hududiy boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti faoliyati bilan yaqindan tanishib, hududdagi dala shiyponlarida ishchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdilar. Tadbir yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Galereya