Kasaba uyushmalari faoliyatida samaradorlik va ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Agrosanoat Majmuasi Xodimlari Kasaba Uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan uyushmaga a’zo davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda ularning huzuridagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, respublika tizim tashkilotlari boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlari raislari ishtirokida amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarni O‘zbekiston Agrosanoat Majmuasi Xodimlari Kasaba Uyushmasi Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari T Bozorov ochib berib, mamlakatimizda kasaba uyushmalari harakatini yangi bosqichga olib chiqish, xodimlarning mehnat, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy manfaatlarini samarali himoya qilish, ijtimoiy sheriklik tamoyillarini amaliyotga keng joriy etish hamda tizimda olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Seminar davomida ijtimoiy sug‘urta mablag‘laridan maqsadli foydalanish, sog‘lomlashtirish yo‘llanmalarini adolatli taqsimlash, suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini ta’minlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish, shuningdek, Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida ijtimoiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan mas’ul mutaxassislarning ma’ruzalari tinglandi.
Tadbir ishtirokchilarga kasaba uyushmalari faoliyatini yanada takomillashtirish, o‘zaro tajriba almashish, mehnatkashlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ilg‘or yondashuvlarni ommalashtirish hamda tizimda samarali hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.
Galereya