Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar AKT mutaxassislari uchun 2 kunlik amaliy o‘quv-seminari boshlandi

📅 13.08.2026
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar AKT mutaxassislari uchun 2 kunlik amaliy o‘quv-seminari boshlandi

O‘zbekiston Agrosanoat majmuasi xodimlari kasaba uyushmasi tizimida faoliyat yuritayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar AKT mutaxassislari ishtirokida raqamlashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalari hamda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanishga bag‘ishlangan amaliy o‘quv-seminar tashkil etildi.

Seminarning ochilish marosimidan so‘ng dasturga muvofiq o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi. Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilarga KIAT.kasaba.uz (http://KIAT.kasaba.uz/) axborot tizimidan samarali foydalanish, tizimga ma’lumotlarni to‘g‘ri va to‘liq kiritish, mavjud ma’lumotlarni yangilab borish hamda platformaning imkoniyatlaridan kundalik ish faoliyatida unumli foydalanish bo‘yicha zarur bilim va amaliy ko‘nikmalar berildi.

Shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli vositalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan kasaba uyushmalari faoliyatida foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar olib borildi. Nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, ishtirokchilarning raqamli savodxonligini oshirish va zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Seminar doirasida ishtirokchilar uchun O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari tarixi muzeyiga ma’rifiy sayohatlar ham tashkil etildi. Tashrif davomida ular xalqimizning boy tarixiy va madaniy merosi, milliy davlatchiligimiz taraqqiyoti, shuningdek, O‘zbekistonda kasaba uyushmalari harakatining shakllanishi va rivojlanish bosqichlari bilan yaqindan tanishdilar.

Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar hamda o‘quv jarayonida egallagan bilim va ko‘nikmalarini hududiy tashkilotlar faoliyatida amaliy qo‘llash bo‘yicha tegishli tavsiyalarga ega bo‘ldilar.

Mazkur o‘quv-seminar kasaba uyushmalari tizimida raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, KIAT.kasaba.uz (http://KIAT.kasaba.uz/) axborot tizimidan foydalanish samaradorligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni faoliyatga keng joriy etish hamda xodimlarning kasbiy va raqamli salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

← Yangiliklarga qaytish