Kasbiy ma’rifat soati o‘tkazildi
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida Kasbiy ma’rifat soati o‘tkazildi.
Unda vazirlik markaziy apparati xodimlari va O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi mutasaddilari ishtirok etdilar.
Tadbirda milliy qadriyatlar, tarixiy xotira va korrupsiyaga qarshi kurashish kabi jamiyat taraqqiyoti uchun muhim bo‘lgan masalalar xususida so‘z yuritildi.
Dastavval O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, jamoat arbobi, Senator va siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “MILLAT SHAVKATI” nomli kitobi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ma’ruza tinglandi.
Mavzu yuzasidan O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari Erkin Boyniyozov so‘zga chiqib, kitobda aks etgan milliy o‘zlik, tarixiy xotira, ajdodlar merosi va Vatanga sadoqat kabi g‘oyalarning bugungi kun uchun ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
Xususan, o‘tmishni anglash – bugunni to‘g‘ri baholash va kelajakni ishonch bilan qurishning muhim omili ekani ta’kidlanib, tarixiy xotirani asrash va milliy qadriyatlarni yosh avlodga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirning ikkinchi qismida korrupsiya tushunchasi, uning kelib chiqish sabablari va ijtimoiy xavfliligi, unga qarshi kurashishning ijtimoiy-huquqiy asoslari to‘g‘risida ma’ruza qilindi.
Vazirlikning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi bosh mutaxassisi Safarali Xalilov tomonidan korrupsiyaning oldini olish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l quymaslik, xizmat vazifalarini bajarishda qonuniylik, halollik va shaxsiy mas’uliyat tamoyillariga qat’i rioya etish masalalari tushuntirildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar ma’ruzalar yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirib, tarixiy xotirani asrash, milliy qadriyatlarga hurmat va halollik tamoyillariga amal qilish har bir xodimning nafaqat kasbiy, balki fuqarolik mas’uliyati ekani ta’kidlandi.
Galereya