Telegram Facebook Email Instagram

11 noyabr’ – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni: Yangi O‘zbekistonning yangi kasaba uyushmalari

O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyida 11 noyabr’ – O‘zbekiston Kasaba uyushmalari kuni hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik yubileyiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, uning hududiy kengashlari, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari, tasarrufdagi tashkilotlar rahbarlari, hamkor vazirlik, idora va tashkilotlar, xalqaro tashkilotlar, Xalqaro kasaba uyushmalari birlashmalari, 20 dan ortiq horijiy davlatlar kasaba uyushmalari tashkilotlari rahbar va mutasaddilari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari faxriylari va faollari hamda turli sohalarda faoliyat ko‘rsatayotgan mehnatkashlar ishtirok etdilar. Tadbir ishtirokchilari saroyda karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi. Bayram tadbirining rasmiy qismi ochiq deb e’lon qilingach O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi ijro etildi. Dastlab 11 noyabr’ – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni va O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kasaba uyushmalari xodimlari va faollariga yo‘llangan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Prezidentimiz tabrigi 8 millionlik a’zoga ea bo‘lgan kasaba uyushma faollari va xodimlari hamda ishtirokchilar tomonidan katta hayajon va faxr bilan qarshi olindi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni hamda mamlakat kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi nishonlanayotgan kunlar kasaba uyushmalari tarixiga zarhal harflar bilan yoziladigan kunlar bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero ushbu sana munosabati bilan kasaba uyushmalari harakati rivojiga qo‘shgan munosib hissasi uchun eng faol, fidoyi va tashabbuskor kasaba uyushma faollari Prezidentimizning Farmonlari bilan Davlat mukofotlariga sazovor bo‘lishdi. Tadbirda Davlatimiz rahbari Farmoni o‘qib eshittirildi va davlat mukofotlari tantanali ravishda o‘z egalariga topshirildi. Tantanali tadbirda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan inson manfaatlarini ta’minlash yo‘lida o‘tgan 8-9 yil davomida jamiyat hayotining barcha jabhalarida birdek olib borilayotgan keng ko‘lamli va tizimli islohotlar hamda yangilanishlar, ularning salmoqli natijalari alohida ta’kidlandi. Xususan, o‘tgan qisqa vaqt ichida xalqimiz turmush darajasi va farovonligini oshirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash, O‘zbekiston nufuzini dunyo miqyosida yuqori pog‘onaga ko‘tarish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilib, salmoqli natijalarga erishilgani, ushbu yutuqlar bugun jamiyatimiz hayoti va xalqimiz turmushidagi ijobiy o‘zgarishlarda namoyon bo‘layotgani, sirasini aytganda, Yangi O‘zbekiston fuqarolari yangicha dunyoqarash bilan yangicha hayot kechirayotganlari qayd etildi. Haqiqatdan ham Prezidentimiz tashabbuslari bilan Inson qadri uchun amalga oshirilayotgan ulkan va tizimli ishlar davlatimiz va jamiyatimizni taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga olib chiqdi. Yangi O‘zbekistonning bu boradagi yutuqlari va qo‘lga kiritayotgan natijalari bugun xalqaro miqyosda ham tan olinib, yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘lmoqda. Amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va yangilanishlar, aholining turli toifalari, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar natijasida O‘zbekiston aholisining ijtimoiy-siyosiy faolligi va tashabbuskorligi ortib, yangi marralar sari olg‘a intilmoqda. Tadbirda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik uchun yaratilgan keng imkoniyatlar natijasida mamlakatimiz kasaba uyushmalari faoliyati yangi rivojlanish bosqichiga kirdi. Yangi O‘zbekistonning Yangi kasaba uyushmalari yurtimizdagi islohotlar, yangilanish va o‘zgarishlardagi faolliklarini yanada oshirib, turli soha xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash borasida tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqdalar. Xususan, bugun xalq tashkilotiga aylangan kasaba uyushmalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Ish beruvchilar Konfederatsiyasi o‘rtasida imzolangan Bosh jamoa kelishuvi, amaldagi 103 ta tarmoq kelishuvi hamda 127 mingdan ortiq jamoa shartnomalari orqali mehnatkashlar va ular oila a’zolarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoyalash, ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori standartlariga ish beruvchilar tomonidan rioya etilishi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini olib borish kabi ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Kasaba uyushmalari inspektorlari tomonidan o‘tgan 5 yillik hisobot davri davomida 13 mingdan ortiq tashkilotda jamoatchilik nazorati amalga oshirilib, 46 mingta kamchilik aniqlandi va ularning 39 mingdan ortig‘i bartaraf etildi. Hisobot davrida kasaba uyushmalariga kelib tushgan qariyb 27,5 ming murojaatni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra jami 32 ming 651 nafar shaxsning huquqlari tiklanib, xodimlar foydasiga qariyb 106 mlrd. so‘m mablag‘ undirib berilishiga erishildi. Nodavlat sektoridagi xodimlarning ham jamoa shartnomalaridagi imtiyoz va kafolotlardan foydalanishlarini ta’minlash maqsadida ularni kasaba uyushmalariga jalb etish borasida amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida kasaba uyushma a’zolari soni 8 million nafarga yetdi. Davlat dasturlarini amalga oshirishda kasaba uyushmalarining faol ishtirokini ta’minlash, aholi turli qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi ishlarni yanada kuchaytirish choralari ko‘rildi. O‘tgan 5 yil davomida ijtimoiy yo‘naltirilgan davlat dasturlarini bajarish doirasida jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali ish beruvchilar va kasaba uyushmalari ijtimoiy sherikligida 353 ming 325 ta oilaga va 945 ming 853 nafar fuqaroga 966 mlrd. so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. Kasaba uyushmalarining xodimlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish yo‘nalishidagi ishlari ham sifat va miqdor jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Hisobot davrida ushbu yo‘nalishda barcha imkoniyatlardan keng foydalanildi. Xususan, oxirgi to‘qqiz yilda 14 ta yangi sanatoriy qurilib, foydalanishga topshirildi va yana 10 ga yaqini rekonstruksiya qilindi. Natijada o‘rinlar soni 2017 yilga nisbatan 2 ming 43 taga oshib, yiliga qo‘shimcha 60 mingdan ortiq aholini sog‘lomlashtirish imkoni yaratildi. Hisobot davrida Federatsiya tizimidagi sanatoriylarda 900 mingga yaqin fuqaro sog‘lomlashtirildi, ularning 43 foiziga imtiyozli yo‘llanmalar ajratilib, salomatligi mustahkamlandi. Qayd etilganidek, bayram tadbirida 20 dan ortiq xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlar, shu jumladan, Xalqaro Mehnat Tashkiloti, Umumkasaba uyushmalari Konfederatsiyasi, Arab kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi, Turkiya, Gruziya, Moldova, Latviya, Litva, Gresiya, Quvayt, Mongoliya, V’etnam, Xitoy, Pokiston, Livan, Aljir, Kot-d’Ivuar, Rossiya, Belarus’, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Boshqirdiston, Tatariston kasaba uyushmalari mutasaddilari ham ishtirok etdilar. Tadbirda ular ham O‘zbekistonda kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik shonli tarixi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Xususan, badiiy sahna ko‘rinishlari orqali yurtimizda ilk kasabachilik harakatining paydo bo‘lishi, so‘ngra Sirdaryo viloyati idora xodimlari va buxgalterlari kasaba uyushmasi, Turkiston farmasevtika xodimlari uyushmasi, oshpaz va uy xizmatchilari, tikuvchi va etikdo‘zlar, matbaa, mexanika ishlab chiqarish, shuningdek, quruvchilar kasaba uyushmalari tashkil etilishi, ularning Ustavi qabul qilinishi tarixiy faktlar asosida ko‘rsatib berildi. Birinchi O‘zbekiston kasaba uyushmalarining Kengashi (Uzsovprof) bundan bir asr oldin 1925 yilning mart oyida mazkur tadbir bo‘lib o‘tayotgan ushbu muhtasham Saroyda tashkil etilgani qayd etildi. Bu paytga kelib, kasaba uyushmalarini tashkil etgan ziyolilarimiz tomonidan xalqimiz ma’naviyati va ma’rifatini yuksaltirish ishlari keng yo‘lga qo‘yilgani namoyish etildi. Ma’lumki, Jadidchilik harakati haqida ko‘p va xo‘b yozilgan, tadqiqotlar qilingan. Biroq ularning kasabachilik harakatidagi faoliyati ko‘pchilik uchun ayon bo‘lmagan tarixiy fakt ekanligi ham sahna ko‘rinishlari orqali ko‘rsatib berildi. Shu tariqa O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 1930-1941 yillardagi, II jahon urushi davridagi, Urushdan keyingi tiklanish davridagi, 1966 yilgi Toshkent zilzilasidan keyin poytaxtimiz qayta qurilishi davridagi, 1991 yilda Vatanimiz Mustaqillikni qo‘lga kiritgan yillardagi faoliyati aks ettirilgan lavhalar namoyish etildi. Shundan so‘ng keyingi to‘qqiz yilda Yangi O‘zbekistonning Yangi kasaba uyushmalari shakllangani, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbuslari bilan amalga oshirilgan ulkan ishlar mamlakat va xalqimiz hayotida keskin burilish yasagani, bugun har birimiz bu xalqchil siyosat natijalarini o‘z hayotimizda, kundalik turmushimizda ko‘rib turganimiz, Yangi O‘zbekistonning Yangi kasaba uyushmalari ham xodimlar manfaatlarini hamisha himoya qilishga, ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligi sahna ko‘rinishlarida namoyon bo‘ldi. Tadbirda joriy yilning 17 oktyabr’ kuni Muhtaram Prezidentimizning kasaba uyushmalari faollari bilan tarixiy uchrashuvi bo‘lib o‘tgani, uchrashuvda Yurtboshimiz tomonidan xalqning turmush darajasini va huquqiy himoyasini yaxshilash hamda sohani yanada xalqchil qilish yo‘lida bildirilgan tashabbuslar kasaba uyushmalariga, mehnat ahliga bo‘lgan doimiy e’tibor sifatida mamlakatimizdagi 8 millionlik kasaba uyushma a’zolarining qalbida yuksak tuyg‘ularni uyg‘otgani, ularga yangi kuch va ilhom bag‘ishlagani alohida ta’kidlandi. Kasaba uyushmalari hamisha mehnatkashlar himoyachisi sifatida hayotimizda ijtimoiy adolat yanada mustahkam qaror topishiga o‘z hissasini qo‘shishda davom etishi qayd etildi. Tantanali tadbir davomida ishtirokchilar e’tiboriga bayramona konsert dasturi namoyish etildi.

11.11.2025

Biz Haqimizda:

Toshkent professional innovatsiyalar universiteti (TIPU)

Zamonaviy ta'lim muassasasi, ilm-fan, texnologiya va ijodkorlikni birlashtiradi

© 2025 Toshkent Iqtisodiyot va Pedagogika Universiteti. Barcha huquqlar himoyalangan.

Developed by: Sammy